AQSH prezidenti Donald Tramp bir yil ichida bir millionga yaqin muhojirni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda. The Washington Post nashri Oq uy rahbarining rejalari haqida yozmoqda.

Prezident maʼmuriyati 1,4 mln kishining bir qismini deportatsiya qilish yoʻlini topmoqchi, biroq ularni chiqarib yuborishning iloji yoʻq, chunki ularning mamlakatlari bu odamlarni qaytarib qabul qilmayapti. Ularga nisbatan deportatsiya toʻgʻrisida tegishli buyruqlar chiqarilgan.

Shu bilan birga, tahlilchilar bu maqsadni amalga oshirib boʻlmaydigan deb hisoblab, yetarlicha mablagʻ ajratilmagani, xodimlar yetishmasligi, shuningdek, aksariyat muhojirlar sudga murojaat qilish va mamlakatdan chiqarib yuborilishiga eʼtiroz bildirish huquqiga egaligi, sud jarayonlari esa yillab davom etishi mumkinligini taʼkidladilar.

Vashington allaqachon deportatsiya qilinganlarni uchinchi davlatlarga qabul qilish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Tramp Oq uyga qaytgan dastlabki kunlarda Meksika, Kosta-Rika va Panama AQSHdan chiqarib yuborilgan Hindiston, Markaziy Osiyo davlatlari, Xitoy, Afgʻoniston, Rossiya va boshqa davlatlar fuqarolarini qabul qilishga rozi boʻldi.

Trampning amaldorlari Kongressni immigratsiya nazoratini kengaytirish uchun yirik budjet loyihasini qabul qilishga chaqirdi. Kongress qonun loyihasini qabul qilgan taqdirda ham, amaldorlar koʻproq ofitserlarni yollashi, hibsda saqlash boʻyicha shartnomalar imzolashi va charter reyslarini boshqarishi kerak boʻladi.

Bu shunchaki yoqish mumkin boʻlgan kalit emas. Deportatsiya jarayoni uzoq vaqt talab qiladi, — dedi Vashingtondagi Migratsiya siyosati instituti tahliliy markazi sobiq immigratsiya masalalari boʻyicha komissari va katta ilmiy xodimi Doris Meyssner.