Toshkentda yarim tunda Tesla avtomobili yonib ketdi. Ijtimoiy tarmoqdagi postlarda noma’lum shaxs avtomobil ustiga tez yonuvchi suyuqlik quyib, uni yoqib yuborgani aks etgan.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabariga ko‘ra , hodisa 17 aprel kuni soat 23:51 da sodir bo‘lgan. Voqea joyiga 23:56 da yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar 3 daqiqa ichida yong‘inni bartaraf etishdi. Qurbonlar yo‘q. Favqulodda vaziyatlar departamenti matbuot xizmati yong‘in kelib chiqish sabablari va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanayotganini ma’lum qildi.
Keyinroq “Toshkent haydovchilari” Telegram kanalida videokuzatuv kameralaridagi voqea aks etgan kadrlar e’lon qilindi. Ularda noma’lum shaxs elektromobilga suyuqlik quyib, uni yoqib yuborayotgani va jinoyat sodir etilgan joydan qochib ketayotgani tasvirlangan.
Huquq-tartibot idoralari hozircha vaziyatga izoh bermagan.