O‘zbekistonda Toshkentdagi mashhur bog‘larda faoliyat yuritadigan kinologiya markazlarini tashkil etishga qaror qilindi. Vazirlar Mahkamasi tegishli qarorni eʼlon qildi.

Joriy yilning 1-oktyabridan 2026-yilning 30-sentyabriga qadar poytaxtimizning mashhur bog‘larida, jumladan: Botanika bog‘i, Furqat bog‘i, Tashkent City, Anhor-Lokomotiv, Navro‘z, Sehrli shahar, Milliy bog‘, G‘afur G‘ulom bog‘i, Green Park, Mirzo Ulug‘bek bog‘i, Lokomotiv va Ashg‘obod bog‘larida kinologiya markazlari faoliyat yuritadi.

Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, kuchli taʼsir etuvchi vositalar hamda fuqarolarning transport va shaxsiy buyumlarida mavjud boʻlgan moddalarni aniqlash maqsadida xizmat itlari jamoat joylarida patrul qiladi. Bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazida “it-patrul” xodimlarining o‘quv mashg‘ulotlari ikki tomonlama tizim – “narkotik moddalarni qidirish” va “aksilterrorizm” bo‘yicha o‘tkazildi.

Tajriba loyihasi o‘z samarasini bersa, uni O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham kengaytirish rejalashtirilgan.