Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Samarqandda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Davlat rahbari matbuot xizmati uchrashuv tafsilotlarini ma’lum qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Suhbatda O‘zbekiston-Rossiya do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Barcha yo‘nalishlarda faol muloqotlar va sermahsul almashinuvlar olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi oshmoqda. Hududlar va yetakchi sanoat korxonalarining kooperatsiyasi kuchaymoqda. Madaniyat, san’at, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport va turizm sohalaridagi hamkorlik kengayib bormoqda.
Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.