AQSH hududida noqonuniy bo‘lib turgan va deportatsiya ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston fuqarolari maxsus charter reys orqali vatanga qaytariladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

TIV O‘zbekiston AQSH bilan migratsiya siyosati va fuqarolarni repatriatsiya qilish sohasida hamkorlikni mustahkamlayotganini ma’lum qildi.

“Bu jarayonda xorijdagi o‘zbekistonliklarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar doirasida joriy yilning 30-aprel kuni AQSH hududida noqonuniy bo‘lib turgan va deportatsiya qilinishi lozim bo‘lgan chet elliklar ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish uchun Nyu-Yorkdan Toshkentga maxsus charter reysi tashkil etiladi”, — deyiladi xabarda.

Gap viza rejimini yoki AQSHda qonuniy bo‘lish muddatini buzgan fuqarolar haqida ketmoqda.