Oliy Majlis Senati ayrim turdagi tamaki mahsulotlari, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalari muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan qonunni qabul qildi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yalpi majlisda so‘nggi yillarda tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlarini, xususan nikotinni yetkazib berishning elektron tizimlari, shu jumladan elektron sigaretalar va ularga suyuqliklarni mamlakatga noqonuniy olib kirish va muomalaga kiritish holatlari ko‘payib borayotgani ta’kidlandi. Bu esa aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlar o‘rtasida ushbu mahsulotlarni iste’mol qilishning o‘sishiga olib kelmoqda.
Shu munosabat bilan mamlakat hududida tamaki mahsulotlari, nikotinni, shu jumladan elektron sigaretalar va ularga suyuqliklarni yetkazib berishning elektron tizimlari muomalasini taqiqlash, ularning noqonuniy muomalasi, shuningdek tamakini isitish tizimlarining noqonuniy muomalasi uchun javobgarlik belgilash zarurati yuzaga kelmoqda, — deyiladi xabarda.
Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotini, nikotinni, shu jumladan elektron sigaretalarni va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek nikotinni yetkazib berishning elektron tizimlarini olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonunda ushbu harakatlarni sodir etgan shaxslar o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotni topshirgan taqdirda javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilgan.