Saudiya Arabistonida Haj ziyorati paytida muqaddas joylarga kirishni nazorat qilish bo‘yicha yanada qat’iy choralar joriy etildi. Bu haqda Arab News xabar bermoqda.

Tegishli tartib 29-apreldan kuchga kirdi. Haj mavsumida Makka va Madinaga kirish faqat Haj vizasi egalariga ruxsat etiladi. Kerakli ruxsatnomasiz bu shaharlarga kirishga urinish 20 ming saudiya riyoli ($5,3 ming) gacha jarima bilan jazolanadi.

Ziyoratda noqonuniy ishtirok etishga ko‘maklashganlarga 100 ming riyolgacha (26,7 ming dollar) jarima solinishi mumkin. Shuningdek, qoidabuzarlar deportatsiya qilinishi va 10 yil muddatga Saudiya Arabistoniga kirishi taqiqlanishi mumkin. Bu ham sayyohlarga, ham muddati o‘tgan vizalarga ega rezidentlarga tegishli.

Ruxsatnomasiz ziyoratchilarni olib kelgan haydovchilarga alohida jazo belgilangan. Ularning transporti sud qarori bilan musodara qilinadi.