Xiva shahrida “Arda Xiva” xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida Xorazmning o‘tmishi buyuk bo‘lgani, sayyohlik salohiyati jadal o‘sib borayotganini ta’kidladi.

Yangi “Arda Xiva” majmuasi ulkan rejalar samarasidir. Xalqaro turistik maskanda 17 ta mehmonxona va mehmon uylari, 9 ta restoran, har biri kuniga 2 ming sayyohga xizmat qiladigan ochiq va yopiq akvaparklar, 3 ming o‘rinli amfiteatr, 5 ta kino va konsert zali, ko‘rgazmalar paviloni, 70 ta do‘kon, 300 ta savdo rastasi, 11 ta hunarmandlar uyi, Sharq bozori va zargarlik markazi, favvoralar, sayr uchun 4 kilometrli sohil bo‘yi yo‘lagi ishga tushmoqda.

Ana shunday ishlarimiz hisobidan viloyatga turistlar oqimi qo‘shimcha ravishda 1 million nafarga oshadi, xizmatlar 1,2 trillion so‘mga ko‘payadi, kamida 2 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Ishonchim komil, “Arda Xiva” Xorazmdagi turizm rivojida yangi sahifa ochadi, viloyatning ikkinchi “tashrif qog‘ozi”ga aylanadi. Fursatdan foydalanib, ushbu majmuaga sarmoya kiritgan tadbirkor va investorlarga, fidokorona mehnat qilgan quruvchi va mutaxassislarga, bu ezgu ishga munosib hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorlik bildiraman, — dedi prezident.

Marosimda yana bir yangilik ma’lum qilindi: Xiva tumanidagi 2 ming 400 gektar yerni Xiva shahriga o‘tkazyapmiz. Bu joyda “Sahro yulduzi” turistik kompleksi bunyod etiladi. Bu hududda mehmonxonalar, ko‘ngilochar markazlar, gastronomik va savdo ko‘chalari, muzeylar, ekouylar, yozgi lager, ekstremal turizm obyektlari barpo etiladi.

Shuningdek, Tuproqqal’ada cho‘l hududidagi 5 ming gektar yerda safari va ov turizmi rivojlantiriladi. Urganch shahri, Shovot, Qo‘shko‘pir, Xiva va Hazoraspdan oqib o‘tadigan G‘azovot, Polvon, Shovot kanallari bo‘ylarida 50 million dollarlik 80 ta xizmat ko‘rsatish, savdo-ko‘ngilochar obyektlari ishga tushiriladi. Bog‘ot, Gurlan, Yangibozor va Urganch tumanida turizm qishloqlari tashkil etiladi.

Ma’mun akademiyasi binosi oldidagi 2 gektar bog‘ “Buyuk allomalar” nomli ochiq osmon ostidagi “smart” muzeyga aylantiriladi. Shu asosda Xorazm yurtida kamol topgan o‘nlab mumtoz ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li, boy ijodiy merosi interaktiv usulda bir nechta xorijiy tillarda sayyohlarga taqdim etiladi.

Prezident Xorazm va Qoraqalpog‘istonni tabiat va taqdir birlashtirib turadigan ikki xalq ekani, mintaqada turizmni rivojlantirish yagona konsepsiya asosida, ikki hudud o‘rtasida uzviy bog‘liqlikda amalga oshirilishini alohida ta’kidladi. Buning uchun “Xorazm – Qoraqalpog‘iston” turizm halqasi loyihasi ishlab chiqiladi. “Urganch – Gurlan – Mang‘it” avtomobil yo‘li to‘liq rekonstruksiya qilinadi.

So‘nggi yillarda Xiva shahriga temir yo‘l tortilib, yangi vokzal qurildi, “Buxoro–Urganch–Xiva” temir yo‘li to‘liq elektrlashtirildi. 2026-yilda ushbu yo‘nalish bo‘ylab Jaloliddin Manguberdi nomi bilan ataladigan zamonaviy tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Yaqin kelgusida bu tezyurar poyezdlar Nukusgacha boradi.

Marosimda so‘zga chiqqan prezident xorijiy mehmonlarni ham samimiy qutlab, hamkor davlatlarga o‘z hurmati va ezgu tilaklarini bildirdi.

Bugun dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, O‘zbekiston o‘z yo‘lidan dadil bormoqda. Xalqimiz tinchlik va farovonlik, do‘stlik va hamkorlik, bunyodkorlik ruhi bilan yashamoqda. Bizning har bir maqsad-rejamiz, har bir islohotimiz odamlarimiz hayotini yaxshilashga, ularni rozi qilishga qaratilgan va bu ishlarimiz, inshoolloh, bardavom bo‘lgay. Aminmanki, siz, azizlar bilan fidokorona mehnat qilib, Xorazm va Qoraqalpog‘istonni dunyodagi eng go‘zal va obod, ilm-fan va innovatsiyalar, madaniyat va san’at yanada rivojlangan zaminga aylantiramiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Marosim katta bayram konserti bilan yakunlandi.