Davlat dumasining mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Yaroslav Nilov migrantlarga chegarani kesib o‘tishda OIV va sil kasalligi yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etish majburiyatini yuklovchi qonun loyihasini ishlab chiqdi, deb yozadi TASS.

Endilikda mehnat migrantlari uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish muddati 30 kun etib belgilandi. Rossiyaga 90 kundan ortiq muddatga kirganlar uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish muddati 90 kun etib belgilanadi.

Rossiya Federatsiyasiga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelayotgan chet el fuqarolariga qo‘yiladigan talablar ro‘yxatini kengaytirish taklif qilinmoqda. Xususan, ushbu fuqaro davlat chegarasini kesib o‘tishda o‘zi bilan quyidagilarni olib yurishi va taqdim etishi shart: tibbiy sug‘urta, odamning immunitet tanqisligi virusi, V va S gepatiti bilan kasallanmaganligini, shuningdek, Rossiyaga kirishdan kamida 10 kun oldin o‘tkazilgan zaxm va sil kasalligi bilan kasallanmaganligini tasdiqlovchi tahlil natijalari, — deyiladi tushuntirish xatida.

Qonun qabul qilingan taqdirda, mehnat migrantlari chegarani kesib o‘tishda Rossiya Federatsiyasiga kirishdan kamida 72 soat oldin o‘tkazilgan tanada giyohvandlik, psixotrop moddalar yo‘qligini tasdiqlovchi test natijalarini taqdim etishlari shart bo‘ladi.

Federal qonun loyihasi taklif etayotgan yangiliklar Rossiya sog‘liqni saqlash tizimiga yuklamani kamaytirish, shuningdek, ijtimoiy xavfli viruslar va kasalliklarga chalingan mehnat muhojirlarining mamlakat hududiga kirib kelishining oldini olish imkonini beradi.