O‘zbekistonda kiberjinoyatlarni kuzatish yanada kuchayadi. Yangi chora-tadbirlar prezident qarorida e’lon qilindi.
Ichki ishlar vazirligi kibertahdidlarga qarshi kurashish sohasidagi vakolatli organga aylandi. Shuningdek, jinoyatlarni fosh etish darajasini oshirish uchun prokuratura nazorati joriy etiladi.
Bundan buyon jinoyat sodir etishda IT-texnologiyalardan foydalanish jazoni og‘irlashtiruvchi holat hisoblanadi. Kiberjinoyatlarni sodir etishda karta, hisobvaraq, elektron hamyon yoki shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanishga yo‘l qo‘yganlarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari joriy etiladi.
Markaziy bank firibgarlik sxemalarini aniqlash tizimini joriy etadi hamda IIV va Bosh prokuratura o‘rtasida ma’lumotlar almashish platformasini ishga tushiradi. Regulyator bank siri bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘ish jarayonini avtomatlashtirishni rejalashtirmoqda.
1-sentyabrga qadar ushbu banklar va kredit byurolarini platformaga integratsiya qilish yakunlanadi, bu esa antifrod tizimini joriy etish imkonini beradi. Bundan tashqari, regulyator OAV va internet hamjamiyatlari orqali moliyaviy savodxonlikni oshirish bo‘yicha faoliyat yuritishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, 2025-yil yakuniga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan yolg‘on qo‘ng‘iroqlarni cheklash tizimlari joriy etiladi. Shubhali pul o‘tkazmalariga aloqador bank kartalari bloklanadi. Bundan tashqari, hukumat zaifliklar tufayli kiberjinoyatlarga yo‘l qo‘ygan banklar va to‘lov tashkilotlari ro‘yxatini e’lon qilishni rejalashtirmoqda.
Agar jinoyat banklar yoki to‘lov operatorlari tomonidan axborot va kiberxavfsizlik talablariga rioya qilmaslik oqibatida sodir etilgan bo‘lsa, ular foydalanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplashga majbur bo‘ladi. Bundan tashqari, mutasaddi idoralar xalqaro tajriba asosida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Noyabr oyida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” o‘tkaziladi. Aksiya doirasida kiberfiribgarlikning yangi usullari haqida ogohlantiruvchi maqsadli reklamalar ishga tushiriladi.