2025-yil 5-may kuni Toshkent shahridagi “Bolajon” madaniyat va istirohat bog‘ida “Toshkent shahrida yangi avtoturargoh tizimi: qulaylik, tartib va texnologiyalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Vzglyad.uz” muxbiri xabar berdi.

Loyiha doirasida shaharning 86 ta ko‘chasini qamrab olgan va 13 208 ta avtoturargohni o‘z ichiga olgan tizim joriy etilmoqda. Loyihaning birinchi bosqichida — 2025-yil may oyi oxirigacha poytaxtning 15 ta markaziy ko‘chasida avtoturargohlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Har bir avtoturargoh hududida bosqichma-bosqich maxsus belgilar, yo‘l belgilari va IT uskunalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, avtoturargohlar uchun joy tanlash mezonlari e’lon qilindi, ularga ko‘ra ustuvorlik berildi:

  • transport tirbandligi yuqori bo‘lgan ko‘chalarga;
  • savdo va uy-joy infratuzilmasiga yaqin bo‘lgan tumanlarga;
  • yo‘l harakati qoidalari va shaharsozlik normalarini buzmagan uchastkalarga (chorrahalar, avtobus bekatlari, xavfsizlik zonalari loyihadan chiqarib tashlangan).

Shuningdek, har bir tuman bo‘yicha vizual audit o‘tkazilgani, loyiha Toshkent shahar hokimligi va YHXB bilan to‘liq muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

2024-yil dekabr oyida Tashkent Invest kompaniyasi Toshkent shahrining yagona avtoturargoh axborot tizimini ishlab chiqish bo‘yicha tender o‘tkazdi va unda Streetpark Systems kompaniyasi g‘olib chiqdi. Loyiha doirasida avtoturargohlarni boshqarish va ulardan foydalanishni avtomatlashtirish uchun dasturiy ta’minot yaratish va texnik qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Pulli avtoturargohlar joylashuviga qarab 5 ta hududga bo‘linadi. Bir soatlik to‘xtash joyining narxi 5000 so‘mdan 12 000 so‘mgacha bo‘ladi. Zonalar taqsimoti Toshkent shahar hokimligi qarori bilan tasdiqlangan. To‘lovni quyidagi usullarda amalga oshirish mumkin:

  • Poytaxt Parking mobil ilovasi orqali (asosiy usul);
  • avtoturargohlar yaqinida joylashgan Paynet terminallari yordamida;
  • PayMe, Click, Uzum Bank va boshqa elektron to‘lov tizimlari orqali,
  • shuningdek ilova orqali xalqaro bank kartalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Pullik avtoturargohlardan tushadigan mablag‘lar shahar infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi, jumladan:

  • yo‘l qurish va ta’mirlash;
  • jamoat transporti tizimini yaxshilash;
  • ko‘chalarni obodonlashtirish.

Dunyodagi muvaffaqiyatli avtoturargoh tizimlariga misol sifatida Moskvadagi pullik avtoturargohlarni keltirish mumkin. Ularning joriy etilishi yo‘llardagi tirbandliklarni 25 foizga kamaytirishga yordam berdi, markaziy hududlarda esa to‘xtash joylaridan yanada oqilona foydalanishni ta’minladi.