O‘zbekistonda oilaviy shifokorlar va hamshiralar oyiga 1500 va 800 dollargacha maosh olishi mumkin bo‘lgan shifokorlar maoshining yangi modelini joriy etishmoqchi. Davlat rahbari yig‘ilishda yangi chora-tadbirlarni ma’lum qildi.

Prezident oilaviy shifokorning bazaviy maoshi 500 dollar, hamshiraniki 300 dollar ekvivalentida bo‘lishini aytdi. Malaka sertifikati olingan taqdirda, summa ikki baravar oshiriladi. Yangi tizimni dastlab Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi poliklinikalarda ishga tushirishmoqchi.

Masalan, shifokor va hamshira mahallada ishlab, surunkali kasalligi bor bemorlarga e’tibor qaratsa, ularni o‘zini o‘zi nazorat qilishga o‘rgatsa, onkologiya, diabet, insult, infarkt kabi kasalliklarni erta aniqlab, og‘ir asoratlarning oldini olsa, tez yordam va statsionarga murojaatlarni kamaytirsa, shifokorga 500 dollar, hamshiraga 300 dollar qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, oilaviy shifokorlar 1,5 ming dollar, hamshiralar esa 600-800 dollar ekvivalentida oylik oladigan tizim qilamiz. Bu orqali biz shunchaki oylikni emas — inson qadrini oshirgan bo‘lamiz. Lekin, natija ham shunga yarasha bo‘lishi kerak, — dedi prezident.

Xuddi shu yig‘ilish doirasida prezident sog‘liqni saqlash vazirining ikki o‘rinbosarini tizimdagi kamchiliklar uchun ishdan bo‘shatdi.