O‘zbekistonda Prezident Administratsiyasi huzurida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tashkil etiladi. Bu haqda davlat rahbarining ta’lim sifatini oshirish va sohada xizmatlarni takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonida so‘z boradi.

Agentlik o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va baholash sohalarida tashqi sifat nazorati bilan shug‘ullanadi.

Organ O‘zbekistondagi barcha ta’lim muassasalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun mas’ul bo‘ladi. Kompleks akkreditatsiya har 5 yilda bir marta, maxsus akkreditatsiya — kadrlar tayyorlashning joriy etilayotgan dasturlari bo‘yicha o‘quv jarayoni boshlanishidan oldin o‘tkaziladi. Idora ta’lim tashkilotlarini risk-tahlil asosida navbatdan tashqari o‘rganadi. Buning uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatlar, so‘rovlar natijalari, OAV materiallari, ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlar va “boshqa ishonchli ma’lumotlar”dan foydalaniladi.

Kamchiliklar aniqlangan taqdirda, agentlik ta’lim tashkilotiga bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritadi va ularni bartaraf etish muddatini belgilaydi. Muassasada qoidabuzarliklar bartaraf etilmagan taqdirda navbatdan tashqari kompleks akkreditatsiya o‘tkazilishi mumkin.

Akkreditatsiyadan o‘tmaslik yoki kamchiliklarni bartaraf etmaslik litsenziya talablarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi. Agentlik ta’lim muassasasiga berilgan litsenziyani bekor qilish masalasini Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga kiritishi mumkin bo‘ladi.

Agentlik bitiruvchilarning bilim va ko‘nikmalarini, shuningdek, ularning mehnat bozori talablariga muvofiqligini baholash uchun ish beruvchilar o‘rtasida umummilliy so‘rov o‘tkazadi. Bundan tashqari, ta’lim sifati haqidagi fikrlarini tahlil qilish maqsadida talabalar o‘rtasida so‘rov o‘tkaziladi.

O‘qitish sifatini taqqoslash asosida ta’lim tashkilotlari reytingi tuziladi. Unda ham ta’lim-tarbiya, ham ilmiy-tadqiqot jarayonlari inobatga olinadi.