8-may kuni Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida Janubiy Farg‘ona kanali o‘pirilishi oqibatida mahalladagi uylarni suv bosdi. Mutasaddi idoralar voqea tafsilotlarini ma’lum qildi.
Ushbu favqulodda holat to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgandan ko‘p o‘tmay, viloyatning Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari boshqarmasi suv ta’minotini butunlay to‘xtatdi.
Hozirda favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish uchun Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi rahbariyati hamda barcha kuch va vositalar jalb etilib, vaziyat to‘liq nazoratga olingan. Voqea joyida Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham bor.
Suv xo‘jaligi vazirligi kanalning yorilishi GES qurilishi oqibatida yuzaga kelganini ma’lum qildi. To‘g‘on yuvilgan paytda suv oqimi ruxsat etilgan yuklama 80 m3/sekund bo‘lganda 60 m3/sekundgacha yetgan, soat 14:00 ga kelib suv oqimi to‘liq to‘xtatiladi, tegishli idoralar bilan joyida maxsus shtab ishlamoqda.
Kanal 10 ta avtosamosval, 4 ta yuk mashinasi, 2 ta buldozer va 8 ta ekskavator bilan 50 nafar ishchi tomonidan qayta tiklanmoqda, shuningdek, aholi xonadonlariga suv yetkazib berishni kamaytirish choralari ko‘rilmoqda.