Moskva shahar sudi Rossiya Adliya vazirligining da’vosi bilan “Moskva shahridagi o‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi” mintaqaviy jamoat tashkilotini tugatdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Adliya vazirligining qayd etishicha, tashkilot ta’sis hujjatlarida ko‘rsatilgan manzilda joylashmagan va uning haqiqiy manzilini aniqlashning imkoni yo‘q.
Bundan tashqari, tashkilot nizomida qonun hujjatlariga zid bo‘lgan qoidalar mavjud.
“Moskva shahridagi o‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi” Adliya vazirligiga o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni, shuningdek rahbar organlarning shaxsiy tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, pul mablag‘larining sarflanishi va o‘z mol-mulkidan foydalanilishi to‘g‘risidagi hujjatlarni taqdim etmaydi. Shu bilan birga, idora ko‘rsatilgan hujjatlarni taqdim etish zarurligi to‘g‘risida bir necha bor ogohlantirishlar yuborgan, biroq ular bajarilmagan.
Shu sababli Adliya vazirligi Moskva shahar sudiga ushbu tashkilotni tugatish to‘g‘risida ma’muriy da’vo arizasi kiritdi.
Tashkilot Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestridan chiqarildi. 2015-yilda ro‘yxatga olingan.