6-may kuni oliy ta’lim vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hindistonlik talabaning ta’lim sifati yomonligi haqidagi shikoyatidan so‘ng Toshkent tibbiyot akademiyasiga tashrif buyurdi. Ta’lim vazirligi suhbat tafsilotlarini ma’lum qildi.

Vazir o‘quv jarayoni va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. So‘ngra u hindistonlik talabalar bilan suhbatlashdi va suhbatdan keyin universitetda xorijiy talabalar uchun sharoitlarni yaxshilashni topshirdi.

Suhbat chog‘ida talabalar universitetda yaratilgan zamonaviy sharoitlardan mamnunliklarini ifoda etib, ta’lim sifati, professor-o‘qituvchilar bilan munosabatlar va yashash sharoitlariga ijobiy baho berdi.

Bir oy oldin Reddit platformasida Toshkent tibbiyot akademiyasini tanqid qilgan hindistonlik talabaning shikoyati paydo bo‘lgandi. Post izohlarida ko‘pchilik foydalanuvchini qo‘llab-quvvatlab, uning fikriga qo‘shilgan.

“Rostdan ham yaxshi universitet bo‘ladi deb o‘ylagandim – arzon narxlar, xorijiy MBBS, ajoyib muhit, to‘g‘rimi? Ammo unday emas ekan. Bu yerdagi sifat juda past, ayniqsa bizga o‘xshagan chet ellik talabalar uchun. O‘qituvchilar ingliz tilini deyarli bilishmaydi, o‘quv materialini o‘rganishni doimo talabalarning o‘zlariga qoldirishadi.

Ular nima deyayotganini umuman tushunmasak, qanday qilib tibbiyotni o‘rganamiz? Bizni 4 soatlik ingliz tili darsiga majburlashyapti – men alifbo va grammatikani o‘rganish uchun emas, anatomiyani o‘rganish uchun kelganman! Anatomiya bo‘yicha bir soat-u yigirma daqiqa – bu ham to‘liq masxara. Ular hech narsani tushuntirishmaydi. O‘qituvchilar kelib, darslikni ko‘rsatib, ’Mana mavzu, o‘zingiz o‘rganing‘, deyishadi. Bir daqiqadan so‘ng: ’Ha, onlayn bo‘ladi’, deyishadi, lekin odatda hech qanday onlayn ma’ruza bo‘lmaydi. Ular maosh olguncha o‘zimiz o‘qiymiz, ular xohlagan paytda g‘oyib bo‘lishadi”, — deyiladi xabarda.

Foydalanuvchi, shuningdek, “vazirlik qoidalari” tufayli soqol masalasida doimiy ravishda e’tirozlar bildiradigan, ammo muassasadagi muammolarni, jumladan, hindistonlik talabalar uchun yotoqxonalar holati muammosini hal qilmaydigan dekanni ham tilga oldi.

“Dars berish shunchalik yomonki, nimadan boshlashni ham bilmayman. O‘qituvchilar paydo bo‘lganda, ular shunchaki slayd-shou o‘qiydilar yoki mustaqil shug‘ullanishni aytadilar. Bizga hech narsani to‘g‘ri tushuntirishmasa, qanday qilib yaxshi shifokor bo‘lishimiz mumkin? Imtihonlar aslida masxarabozlik.

Men yodlash uchun emas, shifokor bo‘lish uchun keldim. Lekin bu yerda yarim tayyor ’doktor’larni tayyorlab chiqarishayotganga o‘xshaydi. Umuman olganda, bu masxarabozlikni Hindiston Tibbiyot Kengashi (NMC) qanday tan olgan? Buni kimdir tekshirib ko‘rishi kerak,” — deb yakunladi u.