8 mayda O‘zbekiston hududiga nisbatan salqin va biroz nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Natijada dam olish kunlari past harorat va yomg‘ir bilan o‘tadi, deya xabar berdi O‘zgidromet.
Qoraqalpog‘istonda ba’zi joylarda, kunning ikkinchi yarmida markaziy viloyatlarda va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzi havo harorati kechagidan 3-4 darajaga past bo‘ladi, 32-35 daraja atrofida, shimolda 25-28 daraja atrofida bo‘ladi.
9-mayda harorat pasayishi kutilmoqda, kunduz kunlari harorat 27-30 daraja, janubda va cho‘l hududlarda 32-35 daraja atrofida bo‘ladi.
Kechasi va ertalab markaziy viloyatlarda, kunning ikkinchi yarmida Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. 10-11-may kunlari respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat asosan 30-35 daraja issiq bo‘ladi.
Ayrim joylarda shamolning tezligi chang-to‘zonlar bilan birga sekundiga 13-18 metrgacha kuchayishi mumkin. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda 8-11 may kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 9 mayda ayrim tog‘li hududlarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 8-11 may kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkentda 8-may kuni kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 31-33 daraja bo‘ladi. 8 may kuni kechga tomon, shuningdek, 9 may kuni kechasi va ertalab biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 10-11-may kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 9 mayda 28-30 daraja, 10-11 mayda 31-33 daraja bo‘ladi.