Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gul qo‘ydi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbari keyingi yillardagi an’anaga muvofiq, “Matonat madhiyasi” monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi. Bu ulug‘vor obida xalqimizning urush yillarida chekkan azob-uqubatlari, ko‘rgan qiyinchiliklari, mardligi va yo‘qotishlari ramzidir.
Arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, 6,8 million aholidan 2 millionga yaqini fashizmga qarshi qonli janglarda qatnashgan. Ularning qariyb 540 ming nafari halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ziyod kishi konslagerlardagi chidab bo‘lmas qiynoqlardan vafot etgan, 60 mingdan ortig‘i frontdan nogiron bo‘lib qaytgan.
Ularning 214 ming nafari jangovar orden va medallar bilan taqdirlangani ham o‘zbekistonlik askar va ofitserlarning jasoratidan dalolat beradi.
Urush yillarida O‘zbekiston frontning ishonchli front orti bazasiga aylandi: frontga texnika, qurol-yarog‘, kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari katta hajmda jo‘natildi. Og‘ir sharoitga qaramasdan, o‘zbek xalqi jang maydonlaridan ko‘chirilgan qariyb 1,5 million kishini, jumladan, 250 ming yetim-yesirni ochiq ko‘ngil bilan qabul qildi.
Bular chinakam mardlik va qahramonlik solnomasidir. Bunday murakkab va shonli g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan matonatli xalqimiz bilan har qancha faxrlansak, arziydi. Bu qahramonliklarni hech qachon unutmasligimiz, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak. Ayniqsa, hozirgi tahlikali zamonda buning ahamiyati nihoyatda katta. Hammamiz vatan himoyasiga har kuni tayyor bo‘lishimiz kerak, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Marosimda Qurolli Kuchlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, nuroniylar ishtirok etdi. Ishtirokchilar yodgorlik poyiga gullar qo‘ydi.
Davlat rahbari bog‘da o‘rnatilgan “Xotira nuri” kompozitsiyasini ham ko‘zdan kechirdi. U frontda jang qilgan va front ortida mehnat qilgan o‘zbekistonliklarning qahramonligiga bag‘ishlangan. Yodgorlik avlodlar davomiyligini ifodalovchi ikkita parvoz qiluvchi qush ko‘rinishida yaratilgan.
Kompozitsiya tarixiy meros va zamonaviy san’atni birlashtiradi. Monumentga joylashtirilgan QR-kod orqali tashrif buyuruvchilar majmua va urush qahramonlari haqida ma’lumot olishlari, “Xotira nuri” kitobini yuklab olishlari mumkin.