Samarqandda turar joy binosida gaz portlab, 6 kishi halok bo‘ldi. Viloyat FVB hodisa tafsilotlarini ma’lum qildi.

Hodisa 9-may kuni “Bog‘isaroy” mahallasi Spitamen ko‘chasida sodir bo‘lgan. Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish uchun yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib keldi.

Portlash binoning temir-beton konstruksiyalarining qulashiga sabab bo‘ldi. Yerto‘la xonalari, shuningdek, birinchi, ikkinchi va uchinchi qavatlar shikastlangan. Portlashdan keyin yong‘in sodir bo‘lmadi.

Hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlariga 10 ta asosiy va maxsus yong‘in-qutqaruv texnikalari hamda FVV kuch va vositalari jalb etilgan. Qutqaruv ishlari davomida vayronalar ostidan olti kishining jasadi topilgan. Holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari boshlangan.