9-may kuni tadbirlar dasturi doirasida Moskva shahrida Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Matbuot xizmati muzokaralar tafsilotlarini taqdim etdi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari G‘alabaning 80-yilligi munosabati bilan bir-birini samimiy qutladi. O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu jumladan Rossiya Prezidentining o‘tgan yil may oyidagi O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik sur’atini saqlab qolishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhim ekani ta’kidlandi. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish, shuningdek, hududlar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Gumanitar almashinuvlar, eng avvalo, madaniyat, san’at, fan va ta’lim sohalarida samarali bo‘layotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Tadbirlar yakunlangach, prezident Toshkentga jo‘nab ketdi. Vnukovo xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Rossiya rasmiylari kuzatib qo‘ydi.