AQShda 28-aprel kuni Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati xodimlari Staten-Aylend orolida 21 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Ulug‘bek Davronovni qo‘lga oldi. ICE vaziyat tafsilotlarini ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, yigit noqonuniy ravishda AQSH hududida bo‘lgan va hozirda bir qator og‘ir jinsiy jinoyatlarda ayblanmoqda. Ayblovlar orasida nomusga tegish (o‘z roziligisiz og‘zaki jinsiy aloqa qilish), jinsiy jinoyat (o‘z roziligisiz og‘zaki jinsiy aloqa qilish), tan jarohati yetkazish maqsadida hujum qilishga urinish va jinsiy zo‘ravonlik (o‘z roziligisiz jinsiy aloqa qilishga majburlash) bor.
Ulug‘bek Davronov AQSH Chegara xizmati tomonidan ilk bor 2022-yil 28-dekabr kuni Meksikadan chegarani noqonuniy kesib o‘tganidan so‘ng Arizona shtatining Lukvill shahri yaqinida qo‘lga olingan edi.
U hibsga olindi va deportatsiya jarayoni boshlandi. 2023-yil 28-iyulda immigratsiya bo‘yicha sudya uni AQShdan chiqarib yuborish to‘g‘risida sirtdan qaror chiqardi. 19-fevral kuni Davronov yuqoridagi ayblovlar bo‘yicha Kvins okrugi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi oldida javob berdi. O‘sha kuni ICE uni Queens vaqtinchalik saqlash markazida ushlab turish uchun so‘rov yubordi. Biroq ertasi kuniyoq uni ICE’ga xabar bermasdan va ushlab turish to‘g‘risidagi so‘rovni bajarmasdan ozod qilishdi.
Nyu-Yorkdagi ICE qochqinlarni qidirish bo‘limi xodimlari AQSH Milliy xavfsizlik xizmati agentlari bilan hamkorlikda Davronovni Steyten orolida maqsadli operatsiya chog‘ida qo‘lga olib, keyinchalik rasmiylashtirish uchun ICE dala ofisiga olib borgan. Hozirda u hibsda saqlanmoqda.