Xalqaro qidiruvga berilgan Mubashshir Ahmad nomi bilan tanilgan Alisher Tursunov 8-may kuni Turkiya huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olinib, 10-may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ekspertiza natijalariga ko‘ra, Tursunovga tegishli axborot platformalari orqali tarqatilgan, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan materiallarda O‘zbekiston qonunchiligini buzadigan ma’lumotlar mavjudligi aniqlangan.

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Unga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish tanlangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Azon Global axborot-tahliliy portali asoschisi, Azon.uz saytining sobiq ta’sischisi Alisher Tursunov shu yilning fevral oyida qidiruvga berilgandi.