Misrda mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan xorijliklarga qarshi reydlar o‘tkazildi, ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor. Bu haqda mamlakatning Qohiradagi elchixonasi ma’lum qildi.

Misr huquq-tartibot idoralari so‘nggi paytlarda chet el fuqarolari, jumladan, talabalarning mamlakatda noqonuniy bo‘lish holatlarini faol aniqlamoqda. Shunday qo‘lga olishlardan biri kameraga tushdi.

Elchixonada yurtdoshlarga mamlakatdagi ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bo‘lsa, har doim yonlarida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, yashash guvohnomasi (ikoma) va talabalik guvohnomalari bo‘lishi qat’iy tavsiya etildi.

13-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning besh nafar fuqarosi mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgani uchun hibsga olingani aniqlandi.

Qo‘lga olinganlardan biri Misrda bo‘lishining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatganidan so‘ng qo‘yib yuborilgan. Elchixona vakillari Qohiraning Nasr tumanida politsiya bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Vaqtincha saqlash hibsxonasida qolayotgan fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatiladi.

Elchixona vatandoshlarning hibsga olinishi holatlari haqida zudlik bilan +20233364516, +20233361723 telefon raqamlari yoki Telegram — @shtabegypt orqali xabar berishni so‘raydi.