O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim 2025-yil 1-iyundan kuchga kiradi. Bu haqda TIV bayonotida aytiladi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi kelishuv O‘zbekiston va Xitoy fuqarolarining ikki mamlakat hududiga vizasiz kirishi bilan bog‘liq masalalarni tartibga soladi.

Unga ko‘ra, tomonlar fuqarolari ikki mamlakat hududiga kirish, ulardan chiqish yoki ular orqali tranzit o‘tish uchun viza talablaridan har bir bo‘lish uchun 30 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga va har qanday 180 kunlik davrda 90 kundan ko‘p bo‘lmagan umumiy muddatga ozod qilinadi.

Bunda tomonlar davlatlari hududiga har bir kirish va bo‘lish davomiyligi 30 sutkadan oshmasligi kerak. Agar fuqarolar 30 kundan ortiq qolishlari kerak bo‘lsa, ular kirish vizasini oldindan olishlari kerak.

Vizasiz rejim mehnat faoliyatiga, o‘qishga, ommaviy axborot vositalari sohasidagi faoliyatga, shuningdek, boshqa tomon vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan boshqa faoliyat turlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Mazkur bitim XXRning Gonkong va Makao maxsus ma’muriy hududlariga tashriflarga nisbatan tatbiq etilmaydi.