O‘zbekistonda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha o‘qishga eng munosib nomzodlarni tanlab olish uchun “El-yurt umidi” prezident stipendiyasi ta’sis etilmoqda. Farmon davlat rahbari tomonidan imzolandi.

Gʻoliblar test sinovlari va suhbat o‘tkazish orqali ochiq tanlov asosida aniqlanadi. Test sinovlari davomida nomzodlarning intellektual qobiliyati, tahliliy va kreativ fikrlashi, psixologik barqarorligi baholanadi.

Xorijiy OTM va ilmiy muassasalarning global reytinglardagi o‘rniga qarab:

  • jahon reytingida birinchi 100 talikka kirgan oliy ta’lim muassasalariga grant asosida o‘qishga kirgan nomzodlarga “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari tanlovsiz beriladi;
  • reytingda birinchi 300 talikka kirgan nomzodlarga xalqaro transport va yashash xarajatlari “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan tanlovsiz qoplab beriladi;
  • Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilari oliy ta’lim muassasasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qish xarajatlarining kamida 50 foizi grant asosida qoplanadigan top-20 talikka kirganda ham “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari tanlovsiz taqdim etiladi.