Toshkentda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi inspeksiyasi xodimlari poytaxtda noqonuniy qurilmalarni aniqlash bo‘yicha reyd o‘tkazdi. Bu haqda Qurilish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Reyd davomida mutaxassislar Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasidagi turar-joy binolaridan birining tomida noqonuniy ravishda restoran qurilganini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, inshoot shaharsozlik normalari va qonunchilikka zid bo‘lgan.

Natijada uyning mustahkamlik darajasi jiddiy xavf ostida qoldi. Restoran egasiga ko‘rsatma berildi. Agar fuqaro barcha ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida bajarmasa, qoidabuzarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llaniladi va to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiriladi.