O‘zbekistonda yoshlarni dunyoning eng yaxshi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga tayyorlash choralari takomillashtirilmoqda. Bu haqda prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytildi.

Xorijdagi o‘zbekistonlik talabalarning atigi 1 foizi jahon reytingidagi eng yaxshi 100 talik ro‘yxatdagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan.

Yoshlarimiz juda iqtidorli. Ularni tizimli yo‘naltirib, oliygoh tanlashga ko‘maklashib, maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘ysak bo‘ldi, ko‘rsatkichlarimiz karrasiga oshadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturini boshlash va “Garvardchilar maktabi”ni ochish bo‘yicha katta farmon imzolaganini aytdi.

Ta’lim muassasasi Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab sifatida tashkil etiladi. Joriy yilda 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 nafar o‘quvchi tanlab olinib, ular jahon reytingida kuchli 10 talikka kiradigan oliy ta’lim muassasalariga maqsadli tayyorlanadi.

Shuningdek, prezident va ixtisoslashgan maktablarning 208 nafar murabbiyi umumta’lim maktablariga biriktiriladi.

Milliy dastur doirasida murabbiylar har yili 3 ming nafar eng iqtidorli maktab o‘quvchilarini tanlab, ularni Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornell va boshqa universitetlarga o‘qishga tayyorlashadi.