O‘zbekistonda uchta avtovokzal va to‘qqizta avtostansiya nomini o‘zgartirmoqchi, fuqarolar o‘z takliflarini berishlari mumkin. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Nomlarni obektlarning geografik joylashuviga, shuningdek, davlat tili me’yorlariga muvofiqlashtirish uchun qayta nomlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi obektlarning nomlari o‘zgaradi:
- Nukus shahridagi «Nukus Orqa Batis» avtovokzalini shaharning shimoliy qismida joylashganligi sababli «Shimoliy Nukus» deb qayta nomlash taklif etilmoqda;
- Nukus shahridagi «Mega avto star» avtovokzali joylashgan joyi bo‘yicha «Jiydali-Boysun» nomini olishi mumkin;
- shahar markazida joylashgan va asosiy hisoblangan Andijon shahridagi «GAVS» avtostansiyasini «Andijon» deb nomlash taklif etilmoqda;
- Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi tuman markazida joylashgan «Mustaqillik» avtostansiyasini «Shahrixon» deb qayta nomlash taklif etilmoqda;
- Qashqadaryo viloyatidagi «Muborak» avtostansiyasini massiv nomi bilan «Geolog» deb qayta nomlash taklif etildi;
- ba’zi hollarda, yangi nom kengroq ko‘lamni aks ettiradi. Xususan, Navoiy shahri yaqinida joylashgan va viloyat ahamiyatiga ega bo‘lgan «Karmana» avtovokzalini «Navoiy» deb nomlash taklif etilmoqda;
- shunga o‘xshash takliflar shaharning o‘zidagi ikkita «Navoiy» avtostansiyalariga nisbatan ham kiritilgan: ularni massivlar nomlari bo‘yicha – «Malika» va «Sharq» deb qayta nomlash rejalashtirilmoqda;
- Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi avtostansiyaga «Chinor» nomini ham massiv nomi bo‘yicha berish taklif etilmoqda;
- Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi shahar markazida joylashgan va asosiy hisoblangan «Mustang» avtostansiyasini «Guliston» deb qayta nomlash rejalashtirilmoqda;
- Termiz shahrining shimoliy qismidagi «Termiz» avtostansiyasini «Shimoliy Termiz» deb nomlash taklif etildi. Bu uning geografik joylashuvini ham ta’kidlaydi;
- Surxondaryo viloyatidagi «Denov» avtostansiyasini massiv nomi bilan «Chag‘oniyon» deb qayta nomlash taklif etilmoqda.
Transport vazirligi fuqarolar fikrini inobatga oladi. Takliflarni 71−202−05−01 yoki 008 telefon raqamlari orqali qoldirish mumkin.