Tokioda besh nafar O‘zbekiston fuqarosi Sibuya tumanida o‘g‘irlik va bosqinchilik sodir etganlikda gumonlanib hibsga olindi. Bu haqda Japan Today NTV telekanaliga tayanib xabar bermoqda.

Gumonlanuvchilar 2024-yil 30-dekabr kuni ertalab soat 5:30 atrofida uch nafar xorijlik bilan janjal uyushtirish maqsadida til biriktirganlikda, so‘ngra ularning umumiy qiymati 210 ming iyena (taxminan 1500 dollar) bo‘lgan hamyon va sumkalarini o‘g‘irlaganlikda ayblanmoqda. Erkaklardan birining yuziga tepib, tan jarohati yetkazishgan.

To‘rt nafari Yaponiyada noqonuniy yurgan jinoyatchilar guruhi, shuningdek, mast fuqarolardan o‘g‘irlangan kredit kartalari yordamida sotib olingan smartfonlarni qayta sotish orqali 8 mln iyena (50 ming dollar) daromad olishda gumon qilinmoqda.

Ushbu jinoyatlar 2024-yil avgustidan joriy yilning fevraligacha bo‘lgan davrda Sibuya va Shinjuku serqatnov hududlarida kamida 10 ta holatda sodir etilgan. Politsiya qo‘lga olinganlarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligini tekshirmoqda.

Guruh yetakchisi 21 yoshli aralash yakkakurash jangchisi bo‘lishi mumkin edi. Yaponiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, u advokat bilan uchrashishdan oldin ko‘rsatma berishdan bosh tortgan. Qolgan to‘rt kishi ayblovlarni rad etmoqda.