“O‘zgidromet” hafta davomida havo harorati ko‘tarilib, yana salqin tushishi kutilayotganini ma’lum qildi.
19-may kuni O‘zbekiston bo‘yicha kam bulutli va quruq ob-havo bo‘lib, harorat foni 28-33°, janubda 35° gacha bo‘lishi kutilmoqda. Ertadan havo harorati ko‘tarila boshlaydi va hafta o‘rtasida kunduz kunlari havo 35-38° gacha, janubda va cho‘l hududlarda 40-42° gacha isiydi.
Ish haftasining oxiriga kelib, navbatdagi salqin havo oqimi harorat fonini 30-32° gacha pasaytiradi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol chang-to‘zonlar bilan 13-18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. 22-23 mayda ba’zi joylarda shamol tezligi 20-22 m/s gacha kuchayishi mumkin. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 22-23 mayda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Toshkent shahrida 19-23 may kunlari havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat bugun kunduzi 28-30°, 20-22 mayda 35-38° gacha, 23 mayda 30-32° gacha ko‘tariladi. 22-23 mayda shamol 12-15 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.