Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlari va institutlarning barcha talabalari uchun yagona forma joriy etilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Oliy ta’lim vazirligi umumiy forma haqidagi xabarlarni rad etdi.
Xabarlarda “Oliy ta’lim tashkiloti brendini yaratish to‘g‘risi”dagi nizom loyihasi ilova qilingan hukumat qarori loyihasi noto‘g‘ri talqin qilingani asos qilib olingan.
Mazkur hujjatda har bir oliy ta’lim muassasasining brend uslubi va imidj konsepsiyasini shakllantirish nazarda tutilgan.
Nizom loyihasi doirasida maxsus forma joriy etish yoki uni majburiy tartibda talab qilish umuman nazarda tutilmagan. Aksincha, oliy ta’lim muassasalari o‘zining tarixi, vazifasi, madaniy qadriyatlari va hududiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, o‘ziga xos korporativ uslub va ramzlarini ishlab chiqish huquqiga ega. Shu bilan birga, estetik, gigiyenik yoki tashqi ko‘rinishga oid tavsiyalar faqat ixtiyoriy xarakterga ega bo‘lib, ularni joriy etish yoki qo‘llashning amaliy jihatlari har bir ta’lim muassasasining ichki qarorlariga bog‘liq, — deyiladi xabarda.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, har bir talabaning shaxs sifatidagi huquq va erkinliklari O‘zbekiston Konstitutsiyasi va amaldagi qonunchiligi bilan himoyalangan.