O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Budapesht shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti ishida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari nutqi avvalida jahonda geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar kuchayib borayotgani, mintaqaviy mojarolar keskinlashayotgani va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari bilan bog‘liq vaziyatning rivojlanishiga chuqur baho berdi. Prezidentimiz dolzarb xalqaro muammolarni hal etishda, birinchi navbatda, xalqaro huquq normalari va BMT Nizomiga tayangan holda, Tashkilot davlatlarining umumiy yondashuv va pozitsiyalarini mustahkamlash muhimligini qayd etdi.
“Ukraina atrofidagi vaziyatni diplomatiya va muzokaralar yo‘li bilan hal etishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Hurmatli Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Janobi Oliylarining bu boradagi munosib hissasini alohida e’tirof etmoqchiman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston yetakchisi bu borada ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini ko‘rsatib o‘tdi va qator yangi takliflar bildirdi. Siyosiy jihatdan O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan Turkiy davlatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi dolzarbligi ta’kidlandi. Ushbu hujjat xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikning uzoq muddatli huquqiy bazasini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Prezident savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-kommunikatsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Tashkilot mamlakatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasida o‘zaro savdo ulushini oshirish maqsadida “TURK-TREYD” onlayn platformasini yaratish va Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish bo‘yicha amaliy dastur qabul qilish taklif etildi.
Transkaspiy xalqaro yo‘lagi orqali yuk tashish hajmining o‘sishini ta’minlash va bojxona-chegara tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida davlatimiz rahbari ushbu yo‘nalish bo‘ylab “yagona darcha” va “yashil yo‘laklar” tizimini tez fursatda joriy etishga chaqirdi. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida Turkiy davlatlarning multimodal transport va logistika xalqaro forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Prezident Turkiy investitsiya jamg‘armasi ta’sis etilganini olqishlab, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Qo‘shma venchur kompaniyasi va Tashkilotga a’zo mamlakatlarning investitsiyaviy imkoniyatlarini o‘zida mujassam etadigan yagona portal tashkil etish muhim ekanini ta’kidladi.
Sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida kimyo, energetika, tog‘-kon, yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish tarmoqlarida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish taklif qilindi.
Davlat rahbari iqlim kun tartibiga to‘xtalar ekan, yaqinda Samarqand shahrida o‘tgan Xalqaro iqlim forumi davomida “yashil” taraqqiyot sohasida global va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator muhim tashabbuslar ilgari surilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning Budapesht shahrida Qurg‘oqchilikning oldini olish institutini ishga tushirish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Uning faoliyatiga ko‘maklashish va maqsadli loyihalarga kengroq jalb qilish uchun qurg‘oqchilik va ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish taklif qilindi.
Prezident ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Toshkent shahrida Turkiy davlatlar xalqaro universitetining ochilishi tashkilotga a’zo mamlakatlarning ta’lim dasturlarini amalga oshirish va iqtidorli yoshlarni tayyorlashga qo‘shilgan munosib hissa bo‘lishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY faoliyati va tuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda Turkiy madaniyat jamg‘armasi kengashining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etdi.
So‘zining yakunida O‘zbekiston prezidenti turkiyalik taniqli olim, biokimyo fanlari nomzodi, Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjarni Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot bilan tabrikladi.
Sammit yakunida Budapesht deklaratsiyasi, shuningdek, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha boshqa qator hujjatlar qabul qilindi.