O‘zbekistonda xalqaro ekspertlar ishtirokida 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalar saratoniga qarshi kurashish milliy strategiyasi ishlab chiqildi. Bu haqda prezident qarorida aytilgan.
2025-2030-yillarda O‘zbekistonda bolalar saratoniga qarshi kurashishning asosiy maqsadlari quyidagilar etib belgilandi:
- bolalarda saraton kasalligini erta aniqlash ulushini 65% gacha oshirish;
- onkologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalarning bir yillik yashovchanligini 34 foizdan 90 foizgacha, besh yillik yashovchanlikni kamida 60 foizgacha oshirish;
- saraton kasalligiga chalingan bolalarni ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan 100 foiz qamrab olishni ta’minlash;
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida bolalar saratoni belgilarini aniqlash uchun shart-sharoitlar yaratish.
Strategiyani amalga oshirish loyihasi Samarqand shahri va Ishtixon tumanidagi tibbiyot muassasalari negizida amalga oshiriladi. Kelgusida zarur shart-sharoitlar yaratilishiga qarab, uning qamrovi mamlakatning boshqa hududlarida ham kengayadi.
Ushbu loyiha onkologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalarni ro‘yxatga olish, tashxis qo‘yish, davolash, dispanser nazorati va yo‘naltirish jarayonlarini o‘z ichiga olgan raqamli bemor marshrutini joriy etishni nazarda tutadi.
Bunda masofadan turib shifokor qabuliga yozilish va onlayn konsultatsiya olish imkoniyati yaratiladi. Yil yakuniga qadar loyihani amalga oshirish doirasida sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi.
Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida Bolalar onkologiyasi xalqaro akademik xabi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, 2028-yil 1-yanvarga qadar xab tomonidan olib kiriladigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan o‘quv va ilmiy laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, multimedia mahsulotlari, o‘quv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar, inventarlar va boshqa resurslar bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.