Shavkat Mirziyoyev “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat asosiy maqsadlar qatorida quyidagilarni belgilaydi:

  • xalqaro tajribaga asoslangan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modelini joriy etish;
  • aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishda oilaviy shifokorlar ulushini 70 foizga yetkazish;
  • sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish va tibbiyot sohasida ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirish orqali tibbiyot xodimlarining ish yuklamasini 30 foizgacha qisqartirish.

Tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli 2025 yil 1 iyuldan boshlab Samarqand viloyatining ayrim tuman va shaharlarida, 2026 yil 1 yanvardan boshlab esa barcha tuman va shaharlarida joriy etiladi.

Pilot loyiha doirasida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari negizida tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida quyidagi o‘zgarishlar amalga oshiriladi:

  • oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari, shu jumladan ularga filial sifatida biriktirilgan muassasalar va mahalla tibbiyot punktlari ularga biriktirilgan aholi sonidan kelib chiqib, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan oilaviy poliklinikalar va ularning filiallariga aylantiriladi;
  • oilaviy poliklinikalarda oilaviy shifokor, pediatr, akusher-ginekolog va diagnostika bo‘yicha mutaxassislar xizmatlari, shuningdek, stomatologiya xizmatlari autsorsing asosida tashkil etiladi;
  • aholiga oilaviy shifokorni erkin tanlash huquqi berilmoqda.

Oilaviy poliklinikalarda tibbiyot xodimlari faqat to‘liq stavkada ishlaydi. Oilaviy poliklinikadan 10 km uzoqlikda joylashgan mahallalar aholisiga sayyor tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda.