Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimining yashirin guruhi faoliyati fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Guruh tashkilotchisi Qarshi tumanida yashovchi, muqaddam bir necha bor sudlangan 48 yoshli xavfli residivist bo‘lib chiqdi. U O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilgani uchun ham sudlangan. Erkak guruhga Qarshi shahri va Qarshi tumanida yashovchi yana 7 kishini jalb qilgan.
Guruh a’zolari o‘z uylarida yig‘ilib, xalifalik davlatini tuzish masalalarini muhokama qilgan. Bundan tashqari, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlarning jihod, hijrat va xalifalik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi audio va video materiallarini tarqatib, o‘z saflarini kengaytirish maqsadida boshqa fuqarolarga ekstremistik g‘oyalarni singdirishga uringan.
Qayd etilishicha, guruhning to‘rt nafar a’zosi, jumladan, uning yetakchisi avvalgi jinoyatlari uchun jazo muddatini o‘tagan, biroq o‘z xatolaridan tegishli xulosa chiqarmagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudining hukmiga ko‘ra, shaxslar Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244-1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244-2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan aybdor deb topildi. Ularga 6 yildan 10 yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.