Vyetnam Axborot va kommunikatsiyalar vazirligi messenjer huquqbuzarliklarni tergov qilishda hukumat bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani sababli internet-provayderlarning Telegramga kirishini bloklashni buyurdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Texnologiyalar vazirligi aloqa boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari tomonidan imzolangan 21-maydagi hujjatda telekommunikatsiya kompaniyalariga Telegramni bloklash choralarini ko‘rish va bu haqda 2-iyungacha vazirlikka xabar berish topshirilgan.

Materialda mahalliy politsiya ma’lumotlari keltirilgan, unga ko‘ra, mamlakatdagi 9,6 mingta messenjer kanallari va guruhlarining 68 foizi noqonuniy faoliyat, jumladan, firibgarlik, giyohvand moddalar savdosi va “terrorizm bilan bog‘liq deb taxmin qilinayotgan holatlar” bilan shug‘ullanadi.

Texnologiyalar vazirligi vakili Reuters’ga hujjatning haqiqiyligini tasdiqlab, bloklash to‘g‘risidagi qaror Telegram ma’muriyati jinoiy tergov doirasida foydalanuvchilar ma’lumotlarini hukumatga taqdim etishdan bosh tortganidan keyin qabul qilinganini ta’kidladi.