Xorazm viloyatidagi temir-tersak qabul qilish punktida harbiy snaryad portlab, bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Kun nashri xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, portlashdan so‘ng voqea joyiga yetib kelgan huquq-tartibot idoralari xodimlari va sapyorlar 30 ga yaqin snaryadni aniqlagan. Vaziyat harbiy prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda, snaryadni temir-tersak yig‘uvchilarga sotgan harbiy xizmatchilar hibsga olingan, deya xabar berdi nashr. Manbaga ko‘ra, snaryadlar Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanidagi harbiy xizmatchilardan sotib olingan, biroq Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarning bu ishga aloqadorligini rad etgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda marhumning onasi o‘g‘li oilada yagona boquvchi bo‘lgani, uning ikki nafar farzandi borligini aytgani aks etgan video tarqaldi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu snaryad mahalliy cho‘ponlar tomonidan idoraga qarashli bo‘lmagan hududdan o‘zboshimchalik bilan qazib olinib, temir-tersak qabul qilish punktiga topshirilgan. Bunday vaziyatlarda fuqarolar xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishlari shart.

“Ushbu voqeaga harbiy xizmatchilarning hech qanday aloqasi yo‘q va jinoiy javobgarlikka tortilmaganini ma’lum qilamiz. Mazkur turdagi snaryad O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida mavjud emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu turdagi snaryad 1970-yillarda qo‘llanilgan”, — deyiladi xabarda.

Vazirlik OAV va blogerlarni “axborotni buzib ko‘rsatmaslikka” chaqirdi hamda asossiz va yolg‘on xabarlarni tarqatganlik uchun javobgarlik borligini eslatdi.