Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, attestat olib, mustaqil hayotga qadam qo‘ygani bilan tabrikladi. Tabrik matni prezident matbuot xizmati tomonidan keltirilgan.
Mamlakatdagi 10 mingdan ortiq maktabda “so‘nggi qo‘ng‘iroq” bo‘lib o‘tmoqda, 450 mingdan ortiq bitiruvchiga ezgu tilaklar bildirilmoqda.
“Barchamiz bu fikrlarga chin dildan qo‘shilgan holda, katta orzu-umidlar bilan kelajak rejalarini tuzayotgan o‘g‘il-qizlarimizga ularni amalga oshirishda ulkan kuch-g‘ayrat, omad va zafarlar tilaymiz”, — deyiladi xabarda.
Maktabni oltin medal bilan tamomlayotgan 11 ming 500 nafardan ziyod, o‘qish, bilim olish va jamoat ishlarida tengdoshlariga hamisha o‘rnak bo‘lib kelayotgan 2 ming nafar kumush medal sohiblarini prezident alohida tabriklab, ezgu tilaklarini izhor etdi.
“Bugungi kunda biz o‘z oldimizga qo‘yayotgan buyuk maqsadlarni amalga oshirishda butun xalqimiz qatori, bilimli, hunarli, tadbirkor va vatanparvar, har tomonlama yetuk yoshlarimizga tayanamiz.
Kelajagimiz egalari bo‘lgan navqiron avlodimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda katta bunyodkor kuch sifatida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlarni yaratib bermoqdamiz. Jumladan, sizlarning zamonaviy ilm va kasb-hunarlar, ona tili bilan birga xorijiy tillar, IT va innovatsion texnologiyalarni, ijod va tadbirkorlik sohalarini puxta egallashingiz uchun hozirgi kunda 201 ta oliy o‘quv yurti, 598 ta texnikum, ko‘plab monomarkaz va texnoparklar, kutubxonalar, madaniyat, san’at va sport muassasalari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari ta’limning barcha bosqichlarida ta’lim-tarbiya sifati va natijadorligini oshirish, bitiruvchilar uchun tanlash imkoniyatini kengaytirish maqsadida yangi-yangi tizim va dasturlar, elektron platformalar ishga tushirilayotganini ta’kidladi.
“Vatanimiz mustaqilligini, el-yurtimiz manfaatlarini barcha sohalarda dadil himoya qiladigan yetuk kadrlar, ongli va olijanob insonlar bo‘lib, xalqimizga sidqidildan xizmat qilasiz, deb ishonaman.
Shuni aslo unutmang, odamzot hayotda munosib o‘rin topishi, el-yurtning hurmati va e’tiboriga sazovor bo‘lishi uchun milliy va umuminsoniy qadriyatlarni egallab, doimo oldinga intilib yashashi, izlanish va o‘rganishdan aslo to‘xtamasligi kerak”, — deyiladi xabarda.