O‘zbekistonda 2025-yilning yozi quruq va o‘rtacha issiq ob-havo bilan boshlanadi. 1-7 iyun kunlari respublika bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi. Havo harorati asta-sekin 35-38 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 40 darajagacha ko‘tariladi.

Keyinchalik oyning oxirigacha harorat 33-38 darajadan 25-30 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Respublikaning shimoli, janubi va cho‘l zonasida eng issiq kunlarda harorat 39-41 darajagacha ko‘tariladi. Birinchi o‘n kunlikning oxirida va ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Bu yil aprel oyidayoq issiq kunlar kuzatilgani bois, bu yilgi yoz qanday bo‘ladi, degan savol ko‘pchilikni qiziqtirmoqda. Juda issiq bo‘ladimi? Bu oddiy masala emas, — deyiladi sinoptiklar xabarida.

Sayyoramizda ro‘y berayotgan global isish haqiqatan ham o‘ta issiq yoz xavfini oshiruvchi kuchli omildir.

Shu bilan birga, global isish yillararo yuqori o‘zgaruvchanlik fonida sodir bo‘lmoqda. Bu har bir keyingi yoz oldingisidan iliqroq bo‘lishini anglatmaydi. Bundan tashqari, 2025-yil boshida okean isishiga sabab bo‘luvchi El-Nino hodisasi yakunlandi va okean neytral holatga qaytdi.

Qudratli El-Ninodan so‘ng okean yuzasining harorati ancha yuqori bo‘lib qoladi, bu esa atmosfera holatiga ta’sir qiladi: okeanlardan uzatiladigan issiqlik havo haroratining ko‘tarilishiga yordam beradi. Biroq bu issiqlik yer shari bo‘ylab qanday tarqalishini aytib bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda yoz an’anaviy ravishda quruq va issiq bo‘ladi — bu O‘rta Osiyo iqlimining o‘ziga xos xususiyatidir. Bundan tashqari, so‘nggi 50 yil ichida yozgi mavsumlarning o‘rtacha haroratining barqaror o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda.

O‘zgidrometning jahon prognoz markazlari hisob-kitoblariga asoslangan dastlabki bahosiga ko‘ra, bu yil yozning o‘rtacha harorati me’yordan biroz yuqori bo‘lishi mumkin.

Yoz mavsumida, albatta, havo harorati ekstremal qiymatlarga yaqin bo‘lgan juda issiq ob-havo davrlari bo‘ladi. Ammo yoz uchun nisbatan qulay harorat foni bilan issiqlikning pasayish davrlari ham bo‘ladi.