Saudiya Arabistoni rasmiy vakili OAVning qirollikda spirtli ichimliklarga qo‘yilgan 73 yillik taqiq bekor qilinishi haqidagi xabarlarini rad etdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Feyk xabarlarda aytilishicha, qirollik 2034-yilda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish munosabati bilan spirtli ichimliklarni nazorat ostida sotishga ruxsat beradi. Yangi me’yoriy baza butun qirollik bo‘ylab 600 ga yaqin maxsus ajratilgan joylarda alkogol savdosini nazorat qilish imkonini beradi.
Fevral oyida Saudiya Arabistonining Buyuk Britaniyadagi elchisi Xolid ibn Bandar Al Saud mamlakat futbol bo‘yicha jahon chempionatida spirtli ichimliklar sotilishi uchun qonunlarni o‘zgartirishni rejalashtirmayotganini aytgandi.
Bundan oldin Ar-Riyodda faqat musulmon bo‘lmagan diplomatlarga xizmat ko‘rsatadigan birinchi spirtli ichimliklar do‘koni ochilgan edi.