Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superkubogi uchun 27-may kuni bo‘lib o‘tgan o‘yinda mamlakatning amaldagi chempioni Qarshining “Nasaf” va amaldagi kubok sohibi “Andijon” jamoalari to‘qnash keldi.

Uchrashuvning 72-daqiqasida bosh hakam Ilgiz Tantashev andijonliklar darvozasi tomon penalti belgiladi. 11 metrlik nuqtaga yaqinlashgan Husayn Norchayev penaltini aniq amalga oshirdi — 1:0. Ushbu gol butun o‘yin davomidagi dastlabki va so‘nggi gol bo‘ldi va “Nasaf”ga g‘alaba keltirdi.

“Nasaf” o‘z tarixida to‘rtinchi marta O‘zbekiston Superkubogini qo‘lga kiritdi – bu o‘zbek futbolidagi eng yaxshi natija.