Samarqandda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Jorja Meloni Strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildilar. Prezident matbuot xizmati imzolangan kelishuvlar ro‘yxatini taqdim etdi.
Mirziyoyev va Meloni huzurida imzolangan ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi ham bo‘lib o‘tdi, xususan:
- investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida;
- strategik ahamiyatga ega xomashyo sohasida hamkorlik to‘g‘risida;
- migratsiya va harakatlanish erkinligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida;
- barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, madaniy merosni saqlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida;
- Iqlim jamg‘armasi va Italiya qishloq xo‘jaligi konfederatsiyasi bilan hamkorlik, «Sogesid» va «Ansaldo» kompaniyalari bilan «yashil» rivojlanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida;
- Tushia, Piza va Turin universitetlari bilan sheriklik to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi ham o‘tkazildi.
Shuningdek, rasmiy tashrif doirasida Italiya Milliy tadqiqotlar markazi, «SIMEST» va «Danieli» kompaniyalari, Peruja universiteti hamda boshqa tashkilotlar bilan qator hujjatlar hujjatlar imzolandi.
Oliy darajadagi O‘zbekiston-Italiya muzokaralari yakunida xalqaro Kongress markazida Samarqand shahridagi ko‘chalardan biriga Rim shahri nomini berishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu qaror chuqur tarixiy va madaniy aloqalar, strategik sheriklik munosabatlarining bugungi yuksak darajasi hisobga olinib, O‘zbekiston va Italiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmat ifodasi sifatida qabul qilinganini ta’kidladi.