Hukumat kadastr pasportlarini berish muddatlarini o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qaror qabul qildi. Bu haqda Norma portali xabar bermoqda.
Tegishli hujjat bilan Ko‘chmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, pasport tayyorlash muddati uzaytirildi. U obyektning murakkabligiga qarab tayyorlanadi:
- ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralar uchun – besh ish kunigacha;
- yakka tartibdagi uy-joy uchun – sakkiz ish kunigacha.
Ko‘chmas mulk obyektlarining yashash uchun mo‘ljallanmagan qismi va ko‘p kvartirali uylar bo‘yicha umumiy maydoni:
- 100 kv. m gacha – sakkiz ish kuni;
- 100 dan 1 000 kv. m gacha – 10 ish kunigacha;
- 1 000 dan 5 000 kv. m gacha – 15 ish kunigacha;
- 5 000 dan 15 000 kv. m gacha – 20 ish kunigacha;
- 15 000 dan 50 000 kv. m gacha – 26 ish kunigacha;
- 50 000 kv. m dan ortiq – 35 ish kunigacha.