O‘zbekistonga 5 milliard so‘mdan ortiq noqonuniy dori vositalarini olib kirishga urinish bo‘lgan. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

Mamlakatga Rossiya va Qozog‘istondan ikkita “GAZ” rusumli yuk mashinasi kirib kelgan. Ular O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan korxonalardan biri nomidan jo‘natilgan. Transport vositalari Toshkent viloyatidagi “Yallama” bojxona postiga “qizil yo‘lak” orqali yetib kelgan.

Bojxona xodimi yuk mashinalarini tekshiruvga yo‘naltirishi kerak edi, biroq u transportni belgilangan joyga olib bormagan va mashinalarni nazoratdan chetda qoldirgan.

Haydovchilar bundan foydalanib, Yuqorichirchiq tumanida yashovchi fuqaroning uyiga borishgan va u yerda 214 turdagi 52 459 qadoq dori-darmonni tushirishga urinishgan. Preparatlar kitoblar, aksessuarlar va kiyimlar orasiga yashirilgan ekan.

Mutaxassislar haydovchilarni bojxona postiga qaytib ketayotganida ushlashgan. Noqonuniy dori vositalarining qiymati 5,3 milliard so‘mga baholangan. Aniqlanishicha, Qozog‘iston fuqarosi haydovchilarga chegaradan tovar olib o‘tish uchun 2 ming dollardan va’da bergan ekan.

Yuqori Chirchiq tumanidagi haydovchilar va uy egasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. “Yallama” chegara-bojxona posti inspektorining harakatlariga huquqiy baho beriladi.