Toshkentda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Qatar terma jamoalari o‘rtasidagi saralash o‘yini chiptalarining onlayn savdosi bekor qilindi, ular faqat stadion kassalarida sotiladi. Bu haqda O‘FA xabar berdi.

Qaror assossiatsiya tomonidan iTicket xizmati va huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda qabul qilindi. Avvalgi o‘yinlardagi salbiy tajribani inobatga olib, chiptalar faqatgina “Humo Arena”, “Bunyodkor” va “Paxtakor” stadionlaridagi kassalarda oflayn tarzda sotiladi. Har bir chipta noyob kodga ega bo‘ladi.

Bu chora chiptalar bilan bog‘liq firibgarlik holatlarining oldini olish uchun zarur — firibgarlar oldingi o‘yinlarga elektron chiptalarni qalbakilashtirgan, shu sababli ko‘plab muxlislar stadionga kira olmagan.

Chiptalar sotuvi boshlanishi haqida qo‘shimcha e’lon qilinadi.