Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov koronavirusning yangi shtammi paydo bo‘lgani sababli xavotirga o‘rin yo‘qligini ma’lum qildi.

Joriy yilning mart oyida haqiqatan ham Xitoyda aniqlangan NB.1.81 shtammi bir qator mamlakatlarda tarqalgani haqida xabar berilgan edi. Ammo COVID-19’ning yangi to‘lqini sayyorani qamrab oldi, degan gaplar asossiz.

Otabekovning ta’kidlashicha, 2024 yil 13 apreldan boshlab Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha kunlik statistikani e’lon qilishni to‘xtatgan. Xuddi shunday amaliyot milliy tuzilmalar doirasida ham amal qiladi.

“Bu o‘z-o‘zidan butun dunyoda epidemiologik vaziyat barqarorlashganidan dalolat beradi”, – deya ta’kidladi u va JSST hozircha NB.1.81 shtammining ommaviy tarqalishini rasman tasdiqlamaganini qo‘shimcha qildi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda “koronavirus haqidagi shov-shuvli ma’lumotlar” tarqatilishidan manfaatdor bo‘lgan guruhlar mavjud.

“Hozir e’lon qilinayotgan materiallar ham shular jumlasidan. Yangi to‘lqinning paydo bo‘lish ehtimoli hozirda deyarli nolga teng”, — dedi u.

Nurmat Otabekovning aytishicha, O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat barqaror.

“Aholida koronavirusga oddiy respirator kasalliklarga bo‘lgani kabi munosabat shakllanib ulgurdi. Bu kasallikka tashxis qo‘yish va davolash imkoniyatlariga egamiz. Bundan tashqari, odamlarda jamoaviy immunitet shakllangan — va bu nafaqat O‘zbekistonga, balki butun dunyoga tegishli”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda hanuzgacha COVID-19 bilan kasallanishning yagona holatlari qayd etilmoqda, biroq shifoxonaga faqat surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlar yotqizilmoqda.

“Bugungi kunga qadar dunyoda koronavirusning 45 mingga yaqin mutatsiyasi qayd etilgan. Ammo ularning atigi 10-15 tasigina kasallikka olib kelgan. Shuning uchun har bir yangi shtammdan vahimaga tushmaslik kerak”, — dedi mutaxassis yangi viruslar paydo bo‘layotgani haqidagi xabarlarga izoh berar ekan.