Toshkentda Yangihayot tumani IIBning uch nafar xodimi mansab vakolatini suiiste’mol qilgani va hibsga olingan fuqarolarni qiynoqqa solgani uchun hukm chiqarildi. Bu haqda sud hukmiga tayanib, UzNews xabar bermoqda.
Qo‘lga olinganlardan birining so‘zlariga ko‘ra, u aybini tan olishdan bosh tortganidan keyin unga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan. Uning qo‘liga kishan solib, qo‘llarini ko‘tarishga va devorga qarab turishga majbur qilishdi, shundan so‘ng boshiga paket kiydirib, skotch bilan o‘rab qo‘yishdi.
“Bo‘g‘ilib ketdim. Keyin orqaga, oyoqlarga zarba berishdi, elektroshoker qo‘llashdi”, — dedi erkak.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, fuqaroda ko‘plab tan jarohatlari, jumladan, elektroshokka xos bo‘lgan zarba va kuyish izlari borligi aniqlangan. Yana bir jabrlanuvchining aytishicha, u kerakli qog‘ozlarga imzo chekmaguncha IIB xodimlari uni ayovsiz kaltaklagan. Unga og‘ir bosh jarohati va ruhiy jarohat tashxisi qo‘yilgan. Boshga berilgan zarbalardan biri quloq pardasini yirtib yubordi.
Uchinchi jabrlanuvchi jinsiy kamsitish elementlari bilan qiynoqlar haqida gapirdi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari uning shimini yechgan va xodimlardan biri uning jinsiy a’zosiga zajigalkani yaqinlashtirib, tahdid qilgan.
To‘rtinchi fuqaro ham xuddi shunday og‘riqli tajriba haqida gapirdi. Uni qorni va yuzidan urishgan, keyin soqolini kuydirishgan va tiriklayin yoqib yuborish bilan tahdid qilishgan.
Ulardan biri pashsha uradigan asbobni olib, savalay boshladi. Soqolimni kuydirishdi. Do‘stlarimga qarshi ko‘rsatma bermasang, tiriklayin yoqib yuborishlarini aytishdi. “Nima kerakligini aytmaguningizcha bu yerdan chiqmaysiz”, deyishdi”, — dedi jabrlanuvchi.
Qo‘lga olinganlar orasidagi yagona ayolning aytishicha, uni ham kameralar bo‘lmagan xonaga olib kirib, kaltaklashgan va zo‘rlash bilan tahdid qilishgan.
Ular: “Aytganimizga qo‘l qo‘ysang, chiqasan. Yo‘q, bu yerda abadiy qolasan”. Boshimga urib, zo‘rlash bilan tahdid qilishdi”, — deydi ayol.
Sud Yangihayot tumani IIBning 3 nafar xodimini aybdor deb topdi. Ma’lum bo‘lishicha, ular iqror bo‘lish uchun fuqarolarga nisbatan muntazam ravishda zo‘ravonlik ishlatgan. So‘roqlar videokuzatuvsiz xonalarda o‘tkazilgan, bu esa IIV tartib-qoidalariga ziddir. Qo‘llaniladigan usullar orasida kaltaklash, bo‘g‘ish, yoqib yuborish bilan tahdid qilish, elektroshok, jinsiy zo‘ravonlik va psixologik bosim mavjud.
Ular Jinoyat kodeksining 235-moddasi 2-qismi (Bir guruh shaxslar tomonidan zo‘rlik ishlatib yoxud ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan sodir etilgan qiynoqqa solish yoki boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) bilan sudlangan. Ularga 5 yil 1 oy, 11 yil 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.