8-iyundan boshlab “Turon” va “Qipchoq” bekatlari o‘rtasida poyezdlar harakati to‘xtatiladi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” xabar bermoqda.

Toshkent yerusti halqa metro liniyasi uchastkasida uch oy davomida bosqichma-bosqich rejali profilaktika ishlari olib boriladi. “Texnopark — Qipchoq” yo‘nalishidagi 14 ta stansiya va ularning oraliqlari bir necha yillardan buyon yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

“Jahon tajribasidan kelib chiqib, yangi metro shoxobchalarida ma’lum muddatdan so‘ng yer usti estakada va bekatlarida rejali profilaktika ishlari olib borilmoqda. Bu poyezdlarning xavfsiz harakatini ta’minlash va yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun zarur”, — deyiladi xabarda.

Yo‘lovchilarga noqulayliklarni kamaytirish maqsadida “Qipchoq — Quruvchilar — Qipchoq” bekatlari oralig‘ida katta sig‘imli bepul avtobuslar (metrobus) harakati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu avtobuslar har kuni ertalab soat 05:00 dan kechki 23:00 gacha harakatlanadi.