AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uyda davlat lavozimini tark etgan milliarder Ilon Mask bilan xayrlashuv matbuot anjumani o‘tkazib, unga “aql bovar qilmaydigan” ishi uchun minnatdorchilik bildirdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Mask AQSH hukumatining samaradorlik departamenti yordamida Vashingtondagi ishlarga “eskirgan yondashuvlarni tubdan o‘zgartirdi”. Trampning qo‘shimcha qilishicha, DOGE hukumatga muhandislik tafakkuriga ega daholar va kompyuter texnologiyalari bo‘yicha iqtidorli mutaxassislarni olib kelgan.
AQSH prezidentining fikricha, Mask davlat lavozimidan ketishiga qaramay, “vaqti-vaqti bilan paydo bo‘lib turadi”. Uning ta’kidlashicha, DOGE ishi davom etadi, Mask jamoasidagi odamlar esa qoladi.
Amerikalik milliarder Trampning do‘sti va maslahatchisi bo‘lib qolish niyatida ekanini ta’kidladi. Maskning ta’kidlashicha, uning maxsus hukumat amaldori sifatidagi roli vaqtinchalik bo‘lib, 134 kun davom etgan.
Biznesmenning ta’kidlashicha, DOGE jamoasining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 va 2026-moliyaviy yillar byudjetlari o‘rtasidagi farq allaqachon 160 milliard dollardan oshgan va bu ko‘rsatkich o‘sishda davom etmoqda.