O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi chegarada yuzlab avtomobillar tiqilib qolgan. Bojxona qo‘mitasi vaziyatni tushuntirdi.
«Gazeta.uz» nashri guvohlarning xabarlariga tayanib, O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasida Qozog‘iston tomonidan yuzlab avtomobillar to‘planib qolgani, ularni o‘tkazish juda sekin amalga oshirilayotgani haqida xabar berdi. Xususan, «Navoiy» va «Yallama» chegara bojxona postlarida avtomobillardan iborat katta navbat yuzaga kelgani haqida xabar berilgandi.
Chegaradagi odamlarning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston tomoni mashinalarni o‘tkazmayotganini da’vo qilmoqda. Biroq O‘zbekiston bojxonachilari neytral hududga kirib kelayotgan barcha mashinalarni Qozog‘iston chegarasidan o‘tkazishga ishontirmoqda. Navbatda O‘zbekistondan tranzit o‘tayotgan Tojikiston raqamli ko‘plab mashinalar ko‘rindi. Tiqilinchning ehtimoliy sababi sifatida Qurbon hayiti diniy bayramining yaqinlashayotgani ko‘rsatilgan.
Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyevning ma’lum qilishicha, joriy yil 6 iyun kuni nishonlanadigan Qurbon hayiti bayrami arafasida Qozog‘iston bilan chegarada fuqarolar va avtotransport vositalari oqimi keskin oshgan. So‘nggi kunlarda «Navoiy» nazorat-o‘tkazish punkti orqali 40 mingdan ortiq jismoniy shaxslar va 2 mingta avtomobil o‘tdi.
4 iyun kuni ertalab «Navoiy» va «Qoplonbek» chegara o‘tkazish punktlari rahbarlari neytral hududda ishchi uchrashuv o‘tkazib, chegaradan o‘tkazish jarayonini tezlashtirish masalasini muhokama qildi. «Navoiy» chegara bojxona postiga qo‘shimcha xodimlar jalb etilib, ularning soni 150 nafarga yetkazildi.
Albatta, jismoniy shaxslar va avtotransport vositalarini bojxonadan o‘tkazish muhim masala. Biroq, davlat barqarorligi va iqtisodiy xavfsizlik birinchi o‘rinda turishini unutmaslik kerak. Fuqarolarning katta oqimidan foydalanib, chegaradan giyohvandlik va boshqa taqiqlangan vositalarni olib o‘tishga urinishlar bo‘lmasligiga hech kim kafolat bermaydi, – dedi Husan Tangriyev.
Haydovchilardan bitta avtomobilni tekshirishga o‘rtacha 5−10 daqiqa ketishini inobatga olish so‘ralgan. Shuningdek, vazirlik «Navoiy» chegara posti orqali xorijiy fuqarolar va yuk mashinalari tranzit o‘tayotganini eslatib o‘tdi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolariga chegarani Sirdaryo viloyatidagi soat 8:00 dan 18:00 gacha ishlaydigan «Oq oltin» va «Malik» o‘tkazish punktlari orqali kesib o‘tish tavsiya qilindi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ular orqali 1,5 ming kishi va 250 ta yengil avtomobil chegarani kesib o‘tmoqda. Shuningdek, fuqarolar va haydovchilar «Yallama» chegara bojxona postidan foydalanishlari mumkin, u orqali ham yuk tashish amalga oshiriladi.